Fuqarolarni va murojaatlarni qabul qilish tartibi

Fuqarolarni va murojaatlarni qabul qilish tartibi
timeicon 2021-11-15

Tuman hokimligi apparatida fuqarolarning ogʼzaki yoki yozma shakldagi ariza, taklif va shikoyatlar bilan ishlash hamda fuqarolarni qabul qilish Oʼzbekiston Respublikasining “ Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Qonuni hamda tuman hokimining qarori bilan tasdiqlangan “Yangihayot tuman hokimligida fuqarolarning murojaatlarini koʼrib chiqish va ularni qabul qilish tartibi” asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash uchun masʼuliyat tuman hokimi oʼrinbosarlari, umumiy boʼlim, guruh rahbari va bosh mutaxassisilari zimmasiga yuklanadi.

Tuman hokimligida fuqarolar tuman hokimi, hokim oʼrinbosarlari, hokimlik apparatining, boʼlim boshligʼi va guruh rahbari tomonidan fuqarolarni qabul qilish xonasida qabul qilinadi. Fuqarolarni qabul qilish tuman hokimi qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida amalga oshiriladi. Qabul jadvali fuqarolar eʼtiboriga yetkaziladi.

Tuman hokimi va hokim oʼrinbosarlari tomonidan fuqarolar hududlarda maxsus jadval asosida sayyor qabul qilinadi.

Har bir fuqaroning qabulidan soʼng qabul varaqalari rasmiylashtiriladi. Unda qabul qilingan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, istiqomat qiladigan joyi, murojaatning qisqacha mazmuni yozib qoʼyiladi. Qabul varaqasi kantseliyariyada roʼyxatdan oʼtkaziladi. Qabulda koʼtarilgan muammo hal etish uchun tegishli ijrochilarga yuboriladi va uning nazorati hokimlik apparatining tegishli boʼlinmasi va kantseliyari mudiri tomonidan shaxsan nazorat qilinadi.

Fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish uchun masʼuliyat tuman hokimligi kantseliyari mudiri L. Аshirmatova zimmasiga yuklatiladi.

Kantseliyari mudiri tuman hokimligiga kelgan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilib oladi, mazmuniga qarab tuman hokimi topshirigʼi loyihasini tayyorlaydi va shaxsan tuman hokimi koʼrib chiqishi uchun taqdim etadi. Tuman hokimi tomonidan murojaatni oʼrganish boʼyicha berilgan topshiriq tuman hokimligi kantseliyariyada roʼyxatdan oʼtkaziladi va tegishli ijrochilarga yetkaziladi. Ushbu jarayon tuman hokimligi kantseliyari mudiri L. Аshirmatova tomonidan shaxsan nazorat qilinadi. Tuman hokimi oʼrinbosarlari yoki hokimlik apparatining boʼlinmalari rahbarlari nomiga kelgan murojaatlar ham tuman hokimligi kantseliyari mudiri L. Аshirmatova tomonidan xuddi shu tartibda rasmiylashtiriladi va nazoratga olinadi.

Fuqarolarning murojaatlarini oʼrganib chiqish uchun tuman hokimi yoki ushbu murojaat koʼrib chiqish uchun yuborilgan hokim oʼrinbosari tomonidan tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilishi mumkin. Fuqarolarning takliflari tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʼlgan muddatda koʼrib chiqiladi (qoʼshimcha oʼrganish talab etiladigan takliflar bundan mustasno) va bu haqda taklif kiritgan shaxsga oʼn kun muddat ichida maʼlum qilinadi.

Аriza va shikoyatlar tuman hokimligiga tushgan kunidan eʼtiboran bir oygacha boʼlgan muddat ichida, qoʼshimcha oʼrganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza va shikoyatlar esa oʼn besh kundan kechiktirmay koʼrib chiqiladi.

Аriza yoki shikoyatni koʼrib chiqish uchun tekshirish oʼtkazish, qoʼshimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar koʼrish zarur boʼlgan hollarda, ariza yoki shikoyatni koʼrib chiqish muddati tuman hokimi tomonidan istisno tariqasida uzogʼi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga maʼlum qilinadi.

Tuman hokimligiga qabulga kelgan fuqarolarga murojaatlari boʼyicha oʼsha paytda tushuntirish beriladi, masalaning mohiyatiga qarab uning koʼrib chiqilishi natijalari toʼgʼrisida murojaat mualliflariga yozma shaklda xabar berilishi ham mumkin.

Fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar koʼrsatilmagan yoki u haqda soxta maʼlumotlar koʼrsatilgan, shuningdek, imzo qoʼyilmagan yozma murojaatlar anonim deb hisoblanadi va koʼrib chiqilmaydi.

Fuqarolarning murojaatlarida qoʼyilgan masalalarni hal etish tuman hokimligining vakolatiga kirmaydigan boʼlsa, uzogʼi bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga joʼnatiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi.

Tuman hokimligi kantseliyari mudiri L. Аshirmatova har kunning oxirida fuqarolarning murojaatlarini roʼyxatdan oʼtkazish va ular bilan olib borilgan ishlarni tahlil qiladi, qonun buzilish holatlariga yoʼl qoʼymaslik choralarini koʼradi. Oy yakunlari boʼyicha tuman hokimligiga fuqarolardan kelgan murojaatlarni umumlashtiradi va ularni mazmuni boʼyicha tahlil qiladi. Tahliliy maʼlumotlarni tuman hokimlik soati va apparat yigʼilishlari muhokamasiga kiritadi.

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash boʼyicha masʼul shaxs:

Muxitdinov Ulugʼbek Tairovich

Tuman hokimligi kantseliyari mudiri

Telefon: +99871 210-60-04

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech